O’zbekiston “Hamdoʼstlik bolalari” VIII xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi taassurotlarga boy oʼtmoqda

“Hamdoʼstlik bolalari” VIII xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi taassurotlarga boy oʼtmoqda

Oʼzbekiston “Hamdoʼstlik bolalari” VIII xalqaro madaniy-maʼrifiy forumiga mezbonlik qilmoqda. Toshkent viloyatining xushmanzara Boʼstonliq tumanida joylashgan “Semurgʼ” bolalar sogʼlomlashtirish oromgohiga MDH davlatlaridan 100 nafarga yaqin oʼgʼil-qiz tashrif buyurgan.

Har bir kun turli tadbirlar, sport musobaqalari, bahs-munozaralar, taniqli insonlar bilan qiziqarli uchrashuvlar, ijobiy his-tuygʼularga boy oʼtmoqda. Har kuni delegatsiyalardan biri oʼz mamlakatining madaniyati va tarixini taqdim etmoqda. Dastlab, Oʼzbekiston mezbon davlat sifatida birinchi boʼlib taqdimot qildi. Forum ishtirokchilari mamlakatimizning anʼana va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Armaniston kunida esa ushbu mamlakat vakillari oʼz tarixlari va anʼanalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdilar. Maktab oʼquvchilariga milliy liboslar, milliy taomlar taqdim etildi. Belarusь delegatsiyasi bolalari ham oʼz urf-odat va anʼanalarini namoyish etishdi. Ular rang-barang liboslarda milliy qoʼshiq va raqslarni namoyish qildilar.

Forumning toʼrtinchi kuni esa qoʼshnilarimiz qozoq xalqining urf-odatlari va anʼanalari haqida qiziqarli rang-barang taqdimot tayyorladilar.

Forum doirasida bolalar Oʼzbekistonning taniqli sanʼatkorlari bilan uchrashdilar. Ularga teatr sanʼatining xususiyatlari soʼzlab berildi, teatr sanʼati boʼyicha mahorat saboqlari tashkil etildi.

Qirgʼizistondan kelgan delegatsiya aʼzolari oʼz mamlakatlarining urf-odatlari haqida gapirib, qoʼshiq, raqs va sheʼrlardan iborat sahna koʼrinishi tayyorladi. Qirgʼiz xalqining eposi “Manas”dan parchalar oʼqib berdilar.

Rossiya delegatsiyasi bolalari forum aʼzolari uchun oʼziga xos intellektual oʼyin tashkil qilishdi: har bir “bekat”da taniqli tarixiy shaxs namoyish etildi.

28-iyun kuni maktab oʼquvchilari Tojikiston Respublikasining madaniy anʼanalari bilan tanishish imkoniga ega boʼldilar. Tojikiston delegatsiyasi vakillari forum ishtirokchilariga Navroʼz bayrami qanday nishonlanishi, respublikaning turli hududlarida toʼy-hashamlar qanday oʼtkazilishi, qadimiy “gahvorabandon” marosimi – yangi tugʼilgan chaqaloqni birinchi beshikka belash qanday oʼtkazilishi haqida soʼzlab berdilar.

“Hamdoʼstlik bolalari” VIII xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi doirasida Turkmaniston maktab oʼquvchilari oʼz mamlakatining madaniy anʼanalarini namoyish etdi. Bir kun avval Turkmaniston maktab oʼquvchilari “Semurg‘ start” sport-koʼngilochar musobaqasida eng yaxshi natijani qoʼlga kiritgan edi.