Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasining xabar berishicha, AQSHda istiqomat qilayotgan ko‘p sondagi O‘zbekiston fuqarolari xizmat vazifasi sababli 9 iyul kuni Vashington shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish imkoniyati yo‘qligi sababli konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishlari uchun ularga shart-sharoit yaratish maqsadida 28 iyun kuni Amerikaning Orlando, Shantille, Rolli va Vashington shaharlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur siyosiy tadbirlarda 668 nafar fuqaro muddatidan avval ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu bilan ular O‘zbekistonning taraqqiyotiga daxldorlik hissi baland ekanligini namoyon qildilar.
Ushbu siyosiy marosimlar bilan bir qatorda vatandoshlar bilan hamkorlikda madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ularda qatnashgan faol vatandoshlar so‘zga chiqib, bu kabi siyosiy tadbirlar yurtdoshlarimizni yana-da jipslashtirish, xalqimizning urf-odati va tarixiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, yosh avlodni ota yurtiga bo‘lgan xis tuyg‘ularini oshirish hamda yurtimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosini Amerikada keng yoyishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Elchixona xodimlari va vatandoshlar o‘rtasidagi uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, ularda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar hamda xorijdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida muloqot olib borildi.
Shuningdek, fuqarolarga konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar berilib, ularning shart-sharoitlari, ehtiyojlari, ularni qiynayotgan muammolar va ularni birgalikda bartaraf qilish yo‘llari yuzasidan savol javoblar o‘tkazildi.