O’zbekiston Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat

Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodning Jizzax viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambek Uzakov yangiobodlik saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Matbuot xizmati xabar berdi.

Yangiobod tuman Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari – G‘ayrat Abdiyev, Feruza Nigmatova, O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatov, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

Ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan strategik maqsad va vazifalar mazmun-mohiyati saylovchilarga atroflicha tushuntirdi.

Nomzod saylovoldi dasturiga ko‘ra, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalari va o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirish dasturiy vazifa, deb belgilangan. Ochiq pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish davom ettiriladi.

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini faqat xalqimiz va davlatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib boradi.

O‘zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari suriladi.

Qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlantiriladi.

Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi.

Xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularning yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Xorijdagi vatandoshlarimiz orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.

Xorijdagi yurtdoshlarimizga dunyoning istalgan nuqtasidan mamlakatimizdagi davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyati yaratiladi.

O‘z navbatida keng jamoatchilik vakillari ham so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda tumanda amalga oshirilayotgan va har bir xonadonga kirib borgan islohotlar samarasi haqida gapirib, partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Uchrashuv so‘ngida ishonchli vakil barchani partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab ovoz berishga chaqirdi.