O’zbekiston Malayziyaning yirik axborot texnologiyalari kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritish istagini bildirdi

Malayziyaning yirik axborot texnologiyalari kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritish istagini bildirdi

Joriy yilning 27-iyun kuni diplomatik vakolatxona vakillari va Malayziyaning “Nityo Infotech” kompaniyasining raqamli texnologiyalar bo‘yicha direktori Umapati Sivan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2006-yilda tashkil etilgan “Nityo Infotech Corporation” kompaniyasi jadal surʼatlarda rivojlanayotgan global IT-xizmatlari va yechimlarini ko‘rsatuvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya shtab kvartiralari Kaliforniya va Kuala-Lumpurda joylashgan, shuningdek, jahonning 20dan ortiq davlatlarida vakolatxonasi faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda Malayziya tomoniga respublikada axborot texnologiyalarini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni joriy etish sohasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar va “IT Park Uzbekistan”da uning rezidentlari va xorijiy kompaniyalar uchun beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbirda Malayziya kompaniyasi bilan mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Umapati Sivan O‘zbekistonda kompaniya ofisini ochish, biznes jarayonlarini autsorsing (Business Process Outsorcing – BPO) qilish, mamlakatimizda elektron tijorat loyihalarini amalga oshirish va bulutli texnologiya yo‘nalishida hamkorlik va data markaz tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Malayziya kompaniyasi va O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” MCHJ (IT Park Uzbekistan) hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot texnologiyalari boshqarmasi o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha onlayn uchrashuv o‘tkazishga va xorij tomonining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishga kelishildi.