O’zbekiston Rotterdamda O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining 31 yilligiga bag‘ishlab vatandoshlar o‘rtasida mini-futbol...

Rotterdamda O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining 31 yilligiga bag‘ishlab vatandoshlar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etildi

Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixona tomonidan O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Niderlandiyaning Rotterdam shahrida vatandoshlar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Musobaqada Belgiya va Niderlandiyadagi xususiy hamda xalqaro tashkilotlarda ishlayotgan hamyurtlarimiz va oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etishdi.

Turnirning ochilish marosimida diplomatik vakolatxona xodimlari O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining o‘ttiz bir yilligi bilan vatandoshlarni tabrikladilar. Dalatimiz Gerbi g‘ururimiz va faxrimiz timsoli, Vatanimizning beqiyos ramzi ekanligi, har bir vatanparvar yurt vakilining qalbida unga nisbatan chuqur mehr va hurmat jo‘sh urishi taʼkidlandi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida jipslashtirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, qalbi va ongida yurti bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirishda davlat ramzlari, xususan gerbning o‘rni muhim ekanligi qayd etildi.

Ishtirokchilarga joriy yilning 9 iyul kuniga belgilangan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida ham so‘zlab berildi.

O‘zbekistonning Bryussel shahridagi elchixonasida tashkil etilgan saylov uchastkasi faoliyati va ovoz berish tartiblari aytib o‘tildi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28 iyun kuni boshlanib, 5 iyul kuni o‘z yakuniga yetishi maʼlum qilindi. Niderlandiya hududida saylovda muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 2 iyul kuni coat 11.00 dan 17.00 gacha Rotterdam shahrida o‘tkazilishi taʼkidlandi.

Muloqotdan so‘ng, mini-futbol turniriga start berildi. Musobaqada Belgiya va Niderlandiyaning turli shaharlaridan kelgan vatandoshlar iborat jamoalarga bo‘linib o‘zaro bahslashdilar. Turnir kurashlarga boy tarzda va sog‘lom raqobat muhitida o‘tdi.

Ishtirokchilar bunday sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil qilish xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini taʼminlash va hamyurtlarimizning bir-biri bilan yaqin muloqot o‘rnatishida ko‘prik vazifasini bajarishini taʼkidladilar.

Vatandoshlar o‘rtasidagi navbatdagi mini-futbol musobaqasini shu yilning noyabr oyida Belgiya poytaxtida o‘tkazishga kelishib olindi.