O‘zbekistonning elchisi Dilshod Ahatov Maharashtra shtatining maʼmuriy markazi Mumbay shahrida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«InterMed Laboratories», «AGIO Pharmaceuticals» kompaniyalari, «Kokilaben Dhurubhai Ambani» shifoxona va tibbiy tadqiqotlar instituti rahbarlari bilan muloqot chog‘ida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritildi, mamlakatimizda ushbu sohada faoliyat yuritish, qo‘shma korxonalar tashkil qilish, investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, xorijiy tadbirkorlarga taqdim etilayotgan preferensiya va qulayliklar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Hindiston vakillari mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ushbu yo‘nalishda istiqbolli loyihalar amalga oshirish, jumladan, O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning eksportini tashkil qilish, zamonaviy tibbiyot markazlari barpo etish orqali respublikaning tibbiyot turizmi salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Hindiston Cayohat agentlari uyushmasi rahbariyati, qator xususiy kompaniyalar mutaxassislari bilan uchrashuv turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish masalari muhokamasiga bag‘ishlandi.
Tomonlar turizm ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda alohida o‘ringa ega ekaniga eʼtibor qaratdi. Azaliy rishtalar, mushtarak madaniyat va anʼanalar bilan bog‘langan ikki xalq vakillari o‘rtasida o‘zaro sayohat qilishga bo‘lgan qiziqish katta. Joriy yilning yanvar-may oylarida Hindistondan O‘zbekistonga safar qilgan turistlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb uch baravarga oshgani ham buning yoqqol ifodalab turibdi.
Shu bois «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Toshkent-Dehli-Toshkent yo‘nalishidagi haftalik qatnovlar sonini 6 martaga yetkazdi. Yaqinda Hindistonning boshqa shaharlariga ham parvozlarni tiklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, “IndiGo” hind aviatashuvchisi sentyabr oyidan boshlab Dehlidan Toshkentga haftasiga to‘rt marta samolyotlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Havo qatnovlari hajmini boshqa xususiy aviakompaniyalar ham boyitishi kutilmoqda.
Qizg‘in o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda xorijiy sayohatchilar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz sharoitlar, taqdim etilayotgan jozibador va xilma-xil turpaketlar haqida so‘zlab berildi.
Hindiston turizm sohasi vakillari o‘zaro sayohatlar izchilligini yana-da faollashtirish, O‘zbekistonga yetakchi mutaxassislar va ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillarining infoturlarini tashkil qilish, hindistonlik turistlar uchun maxsus qo‘shma turpaketlar yaratish bo‘yicha amaliy takliflarini bildirdi.