O’zbekiston O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasida mamlakatimiz fuqarolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasida mamlakatimiz fuqarolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston elchixonasida muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi bilan bog‘liq tadbirlar doirasida Bishkek shahri va uning atrofida istiqomat qilayotgan mamlakatimiz fuqarolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv chog‘ida yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularning mazmun-mohiyati hamda muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga hozirlik jarayonlari haqidagi maʼlumotlar o‘rtoqlashildi. Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasiga asosan amalga oshirilayotgan ushbu muhim siyosiy tadbir yurtimiz istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush tarzini yaxshilash, yangilangan Konstitutsiya meʼyorlarini hayotga izchil tadbiq etish orqali inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy talablari va xalqaro standartlarga javob beradigan, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga oladigan tizimni shakllantirishdan iborat ekanligi qayd etildi.

Konstitutsiya va Saylov kodeksining tegishli moddalariga binoan joriy yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi o‘tkazilishi maʼlum qilinar ekan, Prezidentlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning dasturlari haqidagi maʼlumotlar ham tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi binosida
(manzil: Ch.Aytmatov nomidagi prospekt, 177 uy) 19-saylov va O‘sh shahridagi (manzil: A.Masaliyev nomidagi ko‘cha, 3A uy) 20-saylov uchastkalari tashkil etilgani maʼlum qilingani barobarida Qirg‘izistonda yashayotgan yurtdoshlarimizning Prezident saylovida o‘z fuqarolik burchlarini ado etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.

Mamlakatimizning barcha fuqarolarini saylov uchastkalariga kelib O‘zbekiston Prezidenti saylovida ovoz berish huquqidan foydalanishga taklif etilar ekan, o‘zlari tanlagan munosib nomzodni yoqlab ovoz berishga chaqirildi.

Yuqoridagilar bilan birga, uchrashuv qatnashchilari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan ushbu muhim siyosiy voqeaga oid barcha yangiliklar bilan elchixonaning veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda respublikamizning yetakchi ommaviy axborot vositalari orqali tanishishga, ular saylovchilar ro‘yxatiga kiritish imkonini beradigan https://saylov.mfa.uz/ veb-saytidan foydalanishga daʼvat etildi.

So‘ngra uchrashuv savol-javob tarzida davom etdi. Mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan hamda konsullik-huquqiy masalalarga oid savollariga javob oldilar.

O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishlarini maʼlum qildilar.