Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tizimosti tashkilotlari xodimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi masʼul xodimlari ishtirokida seminar tashkil qilindi.
Tadbirni Kon-geologiya vaziri kotibiyati boshligʻi Z.Saidov olib bordi va yigʻilish ishtirokchilariga vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berib oʻtdi.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida vazirlikning “Korrupsiyaga qarshi siyosati”, “Odob-axloq kodeksi”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisidagi Nizomi”, “Sovgʻa berish va qabul qilish siyosati” kabi 20 ga yaqin ichki meʼyoriy hujjatlar qabul qilinganligi va amaliyotga tatbiq etilayotganligini maʼlum qildi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida vazirlik, uning tizimosti korxonalarida Ichki nazorat boʻlimlari hamda huquq-tartibot organlarining xodimlarini jalb qilgan holda 40 dan ortiq tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirilganligini taʼkidlandi.
Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurorlari U.Aminov va L.Tolibovlar korrupsiya tushunchasi, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida oldini olish, aniqlash va chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda qonuniy jazo muqarrarligi prinsipi toʻgʻrisida oddiy, hayotiy misollar yordamida batafsil tushuntirib oʻtildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzuga oid bir qator fikr mulohazalar bildirilib, oʻzaro savol-javoblar oʻtkazildi va soha mutaxassislari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.