Joriy yilning 24-iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qatar Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qatar davlati o‘rtasidagi munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalar shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Taʼkidlash lozim, 2021-yil mart oyida Oliy Majlisning Qatar Davlati Maslahat Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzilgan. 2022-yil mart oyida esa Qatar Maslahat Kengashida ham “Qatar-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi taʼsis etilgan.
– Qatar parlamenti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri. Bugungi muloqot parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga imkoniyat yaratadi. Shu nuqtai nazardan munosabatlarni faollashtirishda “do‘stlik guruhlari” va parlamentlarimiz tegishli qo‘mitalarining amaliy muloqotlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitish hamda hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim turtki bo‘ladi—dedi T.Narbayeva.
Elchi o‘z navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyni iyun oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga mutlaqo yangi ruh baxsh etganligini taʼkidladi. Diplomat o‘z so‘zida O‘zbekiston Qatar uchun mintaqadagi asosiy hamkor ekanini alohida eʼtirof etib, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishning ahamiyatiga to‘xtaldi va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlashda ikki davlat parlamentlarining saʼyi-harakatlari muhimligini qayd etdi. Shu maʼnoda o‘zaro tashriflarni amalga oshirishda barcha imkoniyati va saʼi-harakatini ishga solishini aytib o‘tdi.
Muloqot davomida madaniy-gumanitar, ayniqsa, turizm sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlanib, mazkur yo‘nalishda istiqbolli loyihalarni kengaytirish yuzasidan yakdil fikr bildirildi.
Uchrashuv yakunida xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik va o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.