O’zbekiston Senat O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni...

Senat O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni maʼqulladi

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar va vaqt sinovidan o‘tgan strategik sheriklar ekanini taʼkidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan uning 2022-yil 21-dekabr kuni mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

Shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir.

Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.