Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan Sindao shahrida O‘zbekistonning sarmoyaviy hamda sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Xitoy–Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik pilot zonasi rahbariyati, Sindao shahrining turizm, sanoat va savdo sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda biznes yuritish imkoniyatlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Xitoy-SHHT mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik pilot zonasini boshqaruv qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Xua Gosin:
– Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari ko‘lamlarini kengaytirish va ularni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda tomonlar hozirgi paytda savdo, investitsiya, transport va logistika, turizm, sanoat kooperatsiyasi, moliya, energetika kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ustida faol ish olib bormoqda.
“Qingdao Tourism Group” kompaniyasi direktori Lyu Chjaoxuey:
– O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun qiziqarli manzilga aylanib bormoqda. So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda sayyohlik sohasida yaratilayotgan qulay sharoitlar bunga sabab bo‘lmoqda.
Xitoyning sayyohlik kompaniyalarida O‘zbekiston bilan turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish mavjud.
Sindao Xitoyning muhim port shahri va ichki turizmning asosiy yo‘nalishlaridan biri xisoblanadi.