Prokuratura Namanganda kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi

Namanganda kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi va Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “Z.M.” MCHJ rahbari Q.K. hududiy tijorat banki filiallaridan ajratilgan 2,9 mlrd so‘m va “M.M.” oilaviy korxonasi rahbari A.I. 480 mln so‘m kredit mablag‘lari evaziga shartnomada belgilangan qurilish materiallarini xarid qilmasdan hamda maishiy xizmat ko‘rsatish binosini qurmasdan, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Shovot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.N.” fermer xo‘jaligini norasmiy boshqarib kelgan O.N. va boshqalar 5 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan 156,1 mln so‘m imtiyozli kredit evaziga ta’minotchi korxona sifatida mahsulotlarni yetkazib bermasdan hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.