Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari va ekspertlar guruhini qabul qildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Xabar berilishicha, uchrashuvda xorijiy tomondan JICA bosh ofisining Sharqiy va Markaziy Osiyo va Kavkaz departamenti direktori o‘rinbosari Xideki Tanabe, bo‘lim boshlig‘i Asumu Yamaguchi, dastur masʼul xodimi Keysuke Yoshimura, katta vakil Yoshimasa Takemura, shuningdek, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Katsuya Ichixashi, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari N.Toki va Sh.Sharipov ishtirok etgan.
Uchrashuvdan maqsad – o‘zaro samarali hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish, bu borada hamkorlik loyihasini muhokama qilishdan iborat bo‘lgan.
Muloqot avvalida A.Burxanov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirishda xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribani keng qo‘llash dolzarb ekanligiga alohida urg‘u bergan.
Mazkur yo‘nalishda Yaponiya, xususan, JICA bilan hamkorlik va uning samaralarini mamnuniyat bilan eʼtirof etib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yo‘lga qo‘yilgan konstruktiv muloqot va hamkorlikni izchil davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab o‘tgan.
Shu nuqtai nazardan uchrashuvda davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvi va afillanganlik holatlarini aniqlash mexanizmini kuchaytirish, davlat xizmatchilarining “halollik vaksinasi” tamoyili asosida odob-ahloq qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishga oid qonunchilikni takomillashtirish kabi bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha Agentlik tomonidan ilgari surilgan takliflar muhokama qilingan.
O‘z o‘rnida, Hideki Tanabe mazkur sohadagi muhim taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuvda hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyiha va tadbirlarni har tomonlama puxta ko‘rib chiqish, ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, birgalikdagi maqsad-vazifalarni belgilab olish maqsadida mazkur masalalardagi muhokamalarni yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muloqotda davom ettirishga kelishib olingan.