Kecha Qozog‘iston poytaxtida “Innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning roli” mavzusida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqadagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2020-yil dekabr oyida tashkil etilgan va barqaror rivojlanish uchun va norasmiy mintaqaviy platforma hisoblanadi. 2021-yilda Yetakchi ayollar muloqotiga O‘zbekiston raislik qildi.
Qozog‘iston raisligida o‘tkazilgan forumda raqamlashtirish xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga keng jalb etishning yangi samarali vositasi sifatida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo ayollari muloqotiga raisligining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilgani qayd etildi.
Tadbir davomida yangi texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning rolini ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli innovatsion loyihalar, Markaziy Osiyo mintaqasi ayollarining startaplari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida ishtirokchilar ayollar startaplarini, sunʼiy intellektni, qishloq joylarda raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan raqamli loyihalar, shuningdek, oila va jamiyat, ayollar tadbirkorligi, kasb-hunar taʼlimi va bandligini taʼminlashning dolzarb masalalarini hal etishga qaratilgan ishlanmalarni ham muhokama qildilar.
Oliy Majlis Senati raisi o‘z so‘zida 2020-yilda «Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqoti» platformasining yaratilishi bilan mamlakatlarimizda xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdi. «Bugungi kunda Muloqot Markaziy Osiyoda o‘zining salmoqli o‘rnini egalladi va jahon hamjamiyatida munosib qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur noyob platforma faoliyat ko‘rsatgan davrda muhim hujjatlar qabul qilindi va yirik tadbirlar o‘tkazildi, bu esa hududiy miqyosda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga katta taʼsir ko‘rsatdi. Biz buni mintaqa davlatlarining Muloqotni yana-da rivojlantirish, uning samaradorligi va xalqaro maydonda eʼtirofini oshirishga bo‘lgan katta qiziqishining namoyoni sifatida baholaymiz», – dedi Senat raisi.
Anjumanda, shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridagi faol, ishbilarmon ayollar, akademik va ilmiy doiralar, nodavlat va fuqarolik sektorlari saʼy-harakatlarini birlashtirish, demografik rivojlanish, gender tengligining dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, turizm, madaniyatni rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirish, ekologiya sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, savdoni, shu jumladan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.
Sessiya yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining 2023-yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.