“Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida:
2023-yil 1-iyuldan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshiriladi.
Ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ruhiy holati buzilgan shaxslarni imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlashga 2023 yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, qaror doirasida:
- 2023–2024 yillarda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi;
- 2023–2024 yillarda psixiatriya muassasalarini tibbiy uskunalar bilan jihozlash dasturi;
- Bolalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va bolalar psixonevrologik xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari uchun zarur tashxislash va neyroreabilitatsiya asbob-uskunalarining namunaviy ro‘yxati tasdiqlandi.