Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasi tomonidan “Global suv hamkorligi” tashkiloti (Global Water Partnership) masʼullari bilan O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish hamda qurg‘oqchilikka qarshi kurash sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, BMTning Iqlim O‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi doirasida tashkil etilgan Yashil iqlim jamg‘armasi (Green Climate Fund) orqali rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun ajratiladigan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Global Water Partnership – suv resurslarini boshqarishda integratsiyalashgan yondoshuvni joriy qilish va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha amaliy maslahatlar berishga ixtisoslashgan tashkilot bo‘lib, 1996 yili Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Shvetsiya Xalqaro taraqqiyot hamkorligi agentligi ko‘magida tashkil etilgan. Uning qarorgohi Stokgolm shahrida joylashgan.