O’zbekiston Buxoroda bir kunda mavhum holatda sodir etilgan toʻrtta jinoyat fosh etildi

Buxoroda bir kunda mavhum holatda sodir etilgan toʻrtta jinoyat fosh etildi

Bugungi kunda Buxoro viloyatida mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida alohida tezkor qidiruv guruhlari tomonidan bir qator manzilli chora- tadbirlar belgilanib, ijobiy natijalarga erishilmoqda, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.

Jumladan, olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida bir kunda mavhum holatda sodir etilgan toʻrtta jinoyat fosh etildi.

Nomaʼlum shaxs tomonidan Shofirkon tumani “Bogʻiafzal” mahallasida yashovchi bir fuqaroning yashash xonadoniga oʻgʻirlikka suiqasd qilinganlik holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25/169-moddasi 2-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni tumanning “Bogʻiafzal” mahallasida yashovchi 1999-yilda tugʻilgan X.P. ismli shaxs sodir qilganligi;

Xuddi shunday ikkinchi holatda Kogon shahrida nomaʼlum shaxs, Qorovulbozorshoh koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylarning podyezdida qarovsiz qoldirilgan, 1.000.000 soʻmlik velosipedni yashirin ravishda oʻgʻirlab ketganligi boʻyicha Kogon shahar IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Gʻijduvon tumani “Boʻktaroy” mahallasida yashovchi 1968-yilda tugʻilgan H.R. sodir qilganligi;

Shuningdek, yana bir holatda Kogon tumanida nomaʼlum shaxs tomonidan boshqa bir fuqaroga tegishli, Kogon tumani “Oʻzbekiston” mahallasida joylashgan “Said Amir Firdavsbek” oilaviy korxonasiga qarashli oziq-ovqat savdo doʻkonidan bahosi 500.000 soʻmlik bir dona “Redmi Note 7” rusumli telefon apparatini, 700.000 soʻm naqd pullarni va qora rangli sumkaning ichida boʻlgan bahosi 200.000 soʻmlik bir dona “Micromax” rusumli telefon apparatining oʻgʻirlab olinganligi holati yuzasidan tuman IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida esa ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri A.Raximboyev koʻchasida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan Y.G. ismli ayol sodir qilganligi;

Navbatdagi toʻrtinchi holatda nomaʼlum shaxs tomonidan Kogon tumani “Xoʻja Yakshanba” mahallasida joylashgan paxta tozalash zavodining kiyim almashtirish xonasida, boshqa bir fuqaroning kiyimi choʻntagida boʻlgan “Samsung A10s” rusumli uyali telefon apparatining oʻgʻirlab ketilganligi holati yuzasidan tuman IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni tumanning “Sarayon” mahallasida yashovchi, 1982-yilda tugʻilgan J.H. sodir qilganligi fosh etilgan.

Barcha fosh etilgan jinoyat ishlari boʻyicha daliliy ashyolar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olinib, ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.