O’zbekiston O‘zbekistonning Xitoy, Qozog‘iston Ozarbayjon, Eron va Latviyadagi elchixonalarida transport masalalari bo‘yicha maslahatchi...

O‘zbekistonning Xitoy, Qozog‘iston Ozarbayjon, Eron va Latviyadagi elchixonalarida transport masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

O‘zbekiston  Prezidentining  «Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi, deb  xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatga ko‘ra, Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi, Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va O‘zbekiston tranzit salohiyatini rivojlantirish idoralararo kengashi tashkil etiladi.

Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Transport nazorati inspeksiyasiga o‘z vazifalarini amalga oshirishi uchun quyidagi vakolatlar beriladi:

  • – avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash;
  • – avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun to‘xtatish.

Shuningdek, farmon  bilan O‘zbekistonning Xitoy, Qozog‘iston Ozarbayjon, Eron va Latviyadagi elchixonalarida transport masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.

Bundan  tashqari,  davlatimiz  rahbari tomonidan  imzolangan  ushbu  hujdjatda  2023-yil 1-sentyabrgacha jamoat transportida tashuvlar sifatini yaxshilash va xizmatlar jozibadorligini oshirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashuvchilar reytingini joriy etish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqish  vazifalari  nazarda  tutilgan.