Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sariosiyo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “F.G.” fermer xo‘jaligi hamda “D.Sh.” va “M.B.” oilaviy korxonalarini norasmiy boshqarib kelgan Sh.T. va boshqalar baliqchilikni tashkil etish va g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini hujjatlarni qalbakilashtirish orqali boshqa xususiy korxonalarga o‘tkazishga erishib, ushbu mablag‘larni naqdlashtirib olganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.