O’zbekiston Xivada birinchi Xalqaro etnosport festivali o‘tkaziladi

Xivada birinchi Xalqaro etnosport festivali o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasining «Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidentning 2022-yil 25-maydagi «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Xalqaro etnosport festivali har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Birinchi festival 2023-yil 7–10-sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkaziladi.

Hukumat qarori bilan festivalni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi, chora-tadbirlar rejasi va Festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Festival doirasida xalqaro musobaqalar, osh pishirish bo‘yicha ikki bosqichli milliy chempionat, shuningdek, naqqoshlik va kashtado‘zlik san’ati asarlari, keramikadan yasalgan mahsulotlar, o‘zbek, fors, arab, rus tillarida nashr etilgan adabiyotlar qo‘rgazmalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Festivalning yopilish marosimida xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar medal va diplomlar bilan taqdirlanadi. Sport musobaqalari ishtirokchilari jumlasidan «Eng yosh ishtirokchi», «Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi sportchi», «Faxriy sportchi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar aniqlanadi va ular ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.