Janubiy Koreyaning ommabop «The Korea Post» junalida Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga ilk tashrifiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrda yozilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 5-6 iyun kunlari Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Maqolada ma’lum qilinishicha, Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti va Qatar Amiri o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Muzokaralar davomida Qatarning yetakchi kompaniyalarini energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa sohalarda qiymati 12 milliard dollardan ortiq yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish bo‘yicha kelishuvga erishildi», deyiladi materialda.
Janubiy Koreya jurnali qayd etganidek, oliy darajadagi muzokaralar yakunida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy va go‘zal Samarqand shahrining mahobatli me’moriy obidalari bilan tanishdi», deb yozadi «The Korea Post».