Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, 2023-yil 13-aprel kuni Samarqandda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtadi.
Ushbu uchrashuvda, Oʻzbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni koʻrib chiqadilar.
Shuningdek, 2023-yil 14-aprel kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston delegatsiyalari va MDH ijroiya qoʻmitasi ishtirokida MDH davlatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi boʻlib oʻtadi. Unda xalqaro kun tartibi va MDH doirasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashish, qoʻshma dasturlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qilish, shuningdek, Hamdoʻstlik Davlat rahbarlari kengashi koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan hujjatlar loyihalari muhokamasi rejalashtirilgan.
Aynan shu kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi ham boʻlib oʻtadi.