O’zbekiston Shavkat Mirziyoyev maktab qurishga yordam bergan fermerga yuksak davlat mukofoti berishini ma’lum...

Shavkat Mirziyoyev maktab qurishga yordam bergan fermerga yuksak davlat mukofoti berishini ma’lum qildi

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasi davom etmoqda. Yig‘ilishda hududlardan vakillar ham videoaloqa orqali so‘zga chiqishmoqda. Jumladan, Bo‘ka tumanidagi hokim yordamchisi o‘z hududida maktab qurishda yordam bergan fermer haqida ma’lumot berdi.

Aytilishicha, tumandagi «Navobod» mahallasida 3,5 mlrd so‘mlik 2 qavatli maktab binosi homiylik yordamlari evaziga barpo etilgan. Maktab qurilishida «Azim Muhammad» fermer xo‘jaligi raisi Ro‘ziboy G‘oyibov katta tashabbus va homiylik ko‘rsatgan.

Shavkat Mirziyoyev ushbu fermerni yuksak davlat mukofotlaridan biri bilan taqdirlashini ma’lum qildi.

«Farzandlarimizning ta’limi va tarbiyasiga e’tibor bergan mana shunday tadbirkor va fermerlarga o‘z nomimdan minnatdorlik bildiraman. Ular befarq odamlar emas. Ertaga ularning nomi tarixda qoladi. Ro‘ziboy aka, yana bir bor katta rahmat sizga. Sizga o‘xshagan fidoyi insonlar bilan ko‘rishishdan xursand bo‘laman doim», — dedi davlatimiz rahbari.