Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o’tkazadi. Bu haqda 15-avgust kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O’tgan yili prezidentning mutlaqo yangi formatdagi uchrashuvi — tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgandi. Birinchi shunday uchrashuv o‘tgan kun — 20-avgust esa O’zbekistonda Tadbirkorlar kuni deb belgilangan.
2022-yilda ham davlat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashib, sohadagi muammo va vazifalarni tahlil qiladi, biznes vakillarining taklif va tashabbuslari bilan tanishib, yangi yechimlarni ko‘rsatadi, tadbirkorlik rivojiga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qiladi.
Bu yilgi tadbirni 22-avgust kuni o‘tkazish mo‘ljallangan.
Bo‘lajak uchrashuvga tadbirkorlardan respublika shtabiga qariyb 8,5 mingta murojaat kelib tushgan, ularning 72 foizi hal etilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko’rish doirasida poytaxtimizdagi Hyatt Regency’ mehmonxonasida 17-18 avgust kunlari “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” o’tkazilishi rejalashtirilgan.
17-avgust kuni “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida vazirliklar, davlat idoralari xodimlari va tadbirkorlar ishtirokida “Hududlarda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish borasida energetika, infratuzilma, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yanada takomillashtirish masalalari” bo’yicha davra suhbati bo’lib o’tdi. Davra suhbatida “O’zsuvta’minoti” aksionerlik jamiyati raisi Sohib Saifnazarov, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari Bobir Islamov, Energetika vaziri o’rinbosari Sherzod Xodjayev, “O’zbekiston temir yo’llari” aksionerlik jamiyati raisi Xusniddin Xasilov, “Murad buildings” MChJ ta’sischisi Murod Nazarov tomonidan hududlarda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi kamchiliklar, kirib kelayotgan yangi texnologiyalarni joriy etish bo’yicha fikr-mulohazalar bildirib o’tildi. Joriy kamchiliklarni hal etishda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga tadbiq etilayotgan yangi loyihalar bilan tanishtirib o’tildi. Shu bilan bir qatorda, tadbir davomida energetika, infratuzilma, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yanada takomillashtirish borasida tadbirkorlar tomonidan takliflar bildirilib, barcha savollarga javob berildi.
“Taftish uz” axborot agentligi
Jonibek Odiljonov