O’zbekiston Bir million nafardan ortiq abituriyentning test topshirishi kutilmoqda

Bir million nafardan ortiq abituriyentning test topshirishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim sohasi rivojlangan sari yoshlarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan intilishi ham kuchayib bormoqda. Bu esa yoshlarimizlarga yanada keng imkoniyatlar, imtiyozlar yaratish ehtiyojini keltirib chiqarmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada qabul qilinayotgan qarorlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar asosida manzilli imtiyozlar kengaymoqda. Avvalgi yillarda yechimini topmagan masalalar hal etilmoqda. Xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan yoshlar, olis tumanlarda istiqomat qilayotgan shaxslarning oliy ta’lim olishi uchun ko‘plab imkoniyatlar berilmoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yil sayin ortmoqda.

 

Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish yo‘lida tizimli ishlarni tashkil etish, yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, buning uchun barcha sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 yanvardagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining (fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasida chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazish belgilangan.

2022/2023 o‘quv yiliga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuqorida ko‘rsatilgan oliy ta’lim muassasalarini tanlagan abituriyentlarga chet tili fanidan kasbiy ( ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishlari uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni joriy yilning 20 iyunidan 17 iyuliga qadar davom etdi. Hozirgi kunda yuqorida nomi keltirilgan oliy ta’lim dargohlarini tanlagan abituriyentlarga chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirish uchun respublika bo‘yicha 74 ta auditoriya belgilangan talablar asosida tayyorlanib, 1 smenada 1957 nafar abituriyentning chet tili fanidan kasbiy(ijodiy) imtihon topshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yig‘ilishda Davlat test markazi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarining hisoboti ham tinglandi. Qayd etilganidek, mazkur tashkilotning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi ko‘plab hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Tegishli tartibda ko‘plab chora-tadbirlar, ishlar olib borilmoqda. Bularning bari Davlat test markazi faoliyatining ochiqligi, xolis va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yig‘ilishda shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha masalalar xususida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Ushbu mas’uliyatli jarayonga tayyorgarlik bo‘yicha 58 ta stadion va xiyobonning reja-chizmalari ishlab chiqilib, hokimliklar tomonidan tasdiqlandi. Ularda test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan tasdiqlandi. Prognoz ko‘rsatkichlar bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tuvchi abituriyentlar soni bu yil 1 million nafardan ortishi kutilmoqda.

Test sinovlariga jalb etiladigan nazoratchilar soni 3494 nafarni tashkil etmoqda. Test sinovlari o‘tkaziladigan kunlarda har bir abituriyent ruchka, ichimlik suvi va kepkalar bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Abituriyentlarning 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha DTM my.dtm.uz va YAIDXPning my.gov.uz rasmiy saytlari orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.