Madaniyat Xurshid Rasulov mualliflik huquqini buzganlikda ayblandi

Xurshid Rasulov mualliflik huquqini buzganlikda ayblandi

Bunga “Nega sendan kechib boʻlmaydi?” qoʻshigʻi sabab boʻlgan

Xonanda Xurshid Rasulov “Nega sendan kechib boʻlmaydi?” qoʻshigʻi sabab mualliflik huquqini buzganlikda ayblandi.

Ushbu qoʻshiqning sheʼri shoira Gujamol Asqarovaniki boʻlib, 1994-yil “Saodat” jurnalida eʼlon qilingan. Ilk bor 1998-yillarda namanganlik Oʻrinboy Nuraliyev qoʻshiq qilib kuylagan. Taronani 2002-yillarda Hosila Rahimova ham ijro etgan va ilk konsertini “Nega sizdan kechib boʻlmaydi?” deb nomlagan.

Guljamol Asqarova 2019-yilda Samarqanddan qaytayotganida xonanda Xurshid Rasulov shu sheʼrni takroriy satrlarini kuylayotganini eshitib qolgan. U oʻzining sheʼri buzib kuylanganini sezgan. Shundan soʻng xonandaning adminstratori bilan bogʻlangan. Keyin esa unga Xurshid Rasulovning oʻzi aloqaga chiqqan va sheʼr yoqib qolgani uchun 20 yil izlaganini taʼkidlagan. Muallifni topa olmagach, boshqa bir tanishiga soʻzlarini oʻzgartirib yozdirgan.

Shoira shu voqealardan keyin ular bilan talashmagan. Biroq hozirda intelektual mulk himoyasi yaxshi tarafga oʻzgarganini aytib, mualliflik huquqi uchun undirilgan pullarni hayriya qilmoqchi ekanini taʼkidlagan. Biroq Guljamol Asqarova Facebookʻdagi posti ostida hazillashganini yozib qoldirgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Sanjay ham mualliflik huquqini buzganlikda ayblangandi. Sanjay qoʻshiqni kuylashdan oldin Usmon Aʼzim bilan gaplashganda, shoir mualliflik huquqini Sherali Joʻrayevga sotganini aytgan. Shuningdek, xonanda ijtimoiy tarmoqlarda sudda yutqazib, jarimaga tortilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Xonandaning soʻzlariga koʻra, sudga apellyatsiya bergan. Bu ish yana koʻrib chiqilgandan keyin aniq javob boʻlishini aytdi.

“Assalomu alaykum, aziz doʻstlar, muxlislar va butun oʻzbek xalqi. Mening hozirgi murojaatim Oʻzbekistonda yashaydigan barcha aka-uka, opa-singillarimizga. Aziz doʻstlar, vatandoshlar, qachongacha biz bu yurtda bir-birimizni koʻrolmay, bir-birimizning oyogʻimizga bolta urib yashaymiz? Kimdir yiqilib tushsa, oʻlganga chiqarib yuboriladi. Hamma emas. Gap egasini topadi. Men aytmoqchi boʻlgan gapim, ʻKarvonʻ qoʻshigʻiga sud boʻldi, Sanjarga falon summa jarima qoʻyilibdiʻ, deb aytyapti. Toʻgʻri sud boʻldi. Shunday jarima qoʻyildi lekin hali sud tugagani yoʻq.

Sud tugamasdan turib, har xil boʻlar-boʻlmas blogerlar turli maʼlumotlarni chiqarib tashlayapti. Biz apellyatsiyaga berganmiz. Xudo xohlasa yana sud boʻlib, bu narsalar koʻrib chiqiladi. Undan keyin qandaydir javob boʻlishi mumkin. Hozir aytmoqchi boʻlganim, baʼzi bir shoirlarga. Gap boʻlishi mumkinmas. Zoʻr shoirsiz. Usmon Aʼzim Oʻzbekiston xalq shoiri hisoblanadi. Lekin sizlar sheʼrning u tomonini ham bu tomonini ham koʻring. Bu sheʼr yozilganiga 40 yil boʻlibdi. Uni Usmon Aʼzim yozganmi yoki boshqami shaxsan menga qorongʻu. Chunki men Usmon Aʼzimga telefon qilganimda, Sanjar aka mualliflik huquqlari Sherali Joʻrayevga sotilgan deb aytgan. Odam erkak boʻlishi, bir gapda turishi kerak. Men telefon qilib gaplashganimda, ʻMen bu qoʻshiqni unga sotganmanʻ, deb aytgan”, — deydi xonanda.